Аholini ro‘yxatga olishda qanday vazifalarni bajarish ko‘zda tutilgan? – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Аholini ro‘yxatga olishda qanday vazifalarni bajarish ko‘zda tutilgan?

10:45 01.03.2024

Аholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala.

Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obʼektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Keyingi uch yil davomida masʼul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan O‘zbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasiyu ko‘chasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador bo‘lgan barcha maʼlumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli maʼlumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqatadi.

Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan ko‘p yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq bo‘lsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha eʼtibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qo‘yiladi, deyish har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.

Аholini ro‘yxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos va sifatli o‘tkazishda kartografik materiallarning aniqligi ham muhim hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari) bilan taʼminlash vazifasi yuklatildi. Аholi punktlari va ko‘chalarning nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Milliy gvardiya va ichki ishlar organlariga esa aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb etiladigan xodimlar xavfsizligini taʼminlash topshirildi.

Skip to content