Ayol qayerda bo’lmasin go’zallik, tarovatni tarannum etadi. Qadami gul, so’zi mehrli, ishida unum bor.
Andijon davlat tibbiyot institutida ham oqila va o’z kasbining fidoiylari faoliyat olib borishsa, ilmga chanqoq qizlar talim olishadi. Viloyat musiqali drama teatrida 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan Ardogimizdasiz muqaddas ayol! mavzusida bayram tadbiri tashkil etildi.








Tadbirni ochib bergan viloyat hokimligi ijtimoiy kotibiyat mudiri E.Xolmirzayev hamda institut rektori M.Madazimov ayol-xodimalar, professor-o’qituvchilar va talaba-qizlarni chin dildan muborakbod etib, bugungi kunda ayollarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g’amxorlik, Yangi taraqqiyot strategiyasi va Prezidentimiz raisligida xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko’tarish va ayollarning jamiyatdagi o’rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo’ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar tog’risida to’xtalib o’tdi.
Shundan so’ng Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektor v.v.b. S.Salohiddinov so’z olib, 2021-2022-o’quv yili davomida yuqori natijalarga erishgan ayollarimiz va qizlarimiz, shuningdek, kasaba uyushmasi buyrug’iga binoan bir qator xodimalar va professor-o’qituvchilar bayram munosabati bilan taqdirlanganligi bildirdi.
Tantanavor musiqa sadolari ostida mazkur jonkuyar ustozlarimiz rektor tomonidan taqdirlandilar. Marosimdan so’ng ayollarimiz ish faoliyatidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
Ona o’z baxtini farzandi kamolida, deb biladi. Shu bois barcha bayramlar bolajonlarning ishtirokisiz o’tmaydi. Andijon shahridagi 43-maktabgacha ta’lim muassasining jajji kichkintoylari ijrosida she’rlar, qo’shiqlar va raqslar namoyish etildi.
Barcha tadbirlarimizni Yosh gitarachilar jamoasisiz tasavvur eta olmaymiz. Ular ham o’z jonli qo’shiqlari bilan tadbirga o’zgacha fayz bag’ishladilar. Ulfatlar jamoasining chiqishlari esa chinakam bayram shodligini ulashdi.
Shoirning ilk ijodi ona siymosi bilan boshlanadi. Otabek Odilov va istedodli talabalarimiz ijrosida monolog o’qildi. Xorijiy fakultet talabasi Qadir Ahmed esa o’z ona tilida va o’zbek tilida ayollarimizga tabrik yo’lladi va qo’shiqlar kuyladi. O’zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo’linmasi qo’shiqchilari va O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist G’anisher Abdullayevning qo’shiqlari barchani davraga chorladi.
Bayram tadbiri yuqori kayfiyatda, kelgusi faoliyatimizga motivatsiya ulashuvchi ruhda otkazildi.
Bayramingiz muborak, aziz ayollar va opa-singillar!