Bugungi kunda davlatimiz tomonidan jamiyatda xotin-qizlarning faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayolga bo‘lgan eʼtibor – oilaga, jamiyatga bo‘lgan eʼtibor demakdir. Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda barcha sohalarda ularning faolligi ortib bormoqda. Bu albatta quvonarli.
Yuqoridagilarga qaramay, tan olib aytish kerak xotin-qizlar bilan bog‘liq muammolar ham yo‘q emas. Jumladan, ularning bandligini taʼminlash borasida oldimizda katta vazifalar turibdi. To‘g‘ri, ayollar uyda farzand tarbiyasi bilan bandligining o‘zi eng sharafli ish. Biroq, oilasidan ortib bir kasb egasi bo‘lish, qaysidir soha rivojiga hissa qo‘shishni istaydigan ayollar ham kam emas.
Shuningdek, ishsizlikning asosiy yechimlaridan biri xotin-qizlarni jamiyatda ilmga yo‘naltirish hisoblanadi. Bugungi kunda ayollarga qancha ko‘p imtiyozlar davlatimiz tomonidan berilsa ham, lekin oilalardagi muhit ularga to‘sqinlik qilayotganligi achinarli hol.
Amaldagi qonunchilik asosida ishlash birinchi navbatda ayollarning o‘zi uchun foydali ekanligi tushuntirilmoqda va sezilarli darajada natijaga ham erishilmoqda. Biroq, bu og‘riqdan batamom qutula olganimiz yo‘q. Agar butun jamoatchilik birgalikda harakat qilsa, albatta bu muammolarni yechimi topiladi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ““O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida” gi PF-158-son farmonida ham xotin-qizlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Yaʼni, gender tenglikni taʼminlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish orqali boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini 30 foizga oshirish.
– Jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash.
– “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmini yaratish, mazkur ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish masalalarini amaliyotga tatbiq etilishi albatta, ayollarni jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlari va sog‘lom avlodni tarbiyalashlarida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun jamiyatning deyarli hech bir muammosini, hatto kelajagi buyuk davlat qurish vazifasini ham ayollar ishtirokisiz hal etish mushkul. Jamiyat o‘zgarayotgan, ong yangilanayotgan bir zamonda yashayotgan ekanmiz, bu masalalarni hal qilishda bugungi ayollarimizning mavqeini yana-da ko‘tarishimiz zarur. Chunki, ayol maʼnaviyati millat maʼnaviyatining tub ildizidir.
Oysuluv O‘roqova,
Ijtimoiy-gumanitar fanlar
kaferasi mudiri, dotsent.